2018 yil 18 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 10:30 da Qozog'iston Respublikasi Aqto'be viloyati Irg'iz tumanida “Samara-Chimkent” avtomobil yo'lining 1068-kilometrida, Kalibay aholi punktidan 10 km uzoqlikda “Ikarus” rusumli yo'lovchi avtobusi harakatlanish chog'ida yonib ketgan.

 Avtobus salonida 55 nafar yo'lovchi va 2 nafar haydovchi bor bo'lib (dastlabki ma'lumotlarga qaraganda O'zbekiston fuqarolari), ulardan 5 kishiga Qozog'iston Ichki ishlar vazirligi Favqulodda vaziyatlar bo'yicha qo'mitaning Halokatlarda tibbiy yordam ko'rsatish markazi tomonidan tibbiy yordam berilgan, qolgan 52 kishi voqea joyida vafot etgan. Sodir bo'lgan voqeaning sabablarini o'rganish va jabrlanganlar hamda ularning oilalariga hartomonlama ko'mak ko'rsatish uchun Qozog'istonda maxsus hukumat idoralararo komissiyasi tuzildi. Shu munosabat bilan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mazkur fojiada vafot etgan hamyurtlarimizning oila a'zolariga chuqur ta'ziya bildiradi.

Shu munosabat bilan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mazkur fojiada vafot etgan hamyurtlarimizning oila a'zolariga chuqur ta'ziya bildiradi.

 Shu o'rinda ta'kidlash joizki, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va uning huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tomonidan chet elda mehnat qilishning qonuniy asoslari va yo'llari yuzasidan fuqarolar bilan ishlashga alohida e'tibor qaratilib, birinchi navbatda, aholini xabardor qilish bo'yicha tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Vaqtinchalik mehnat faoliyati bilan shug'ullanish uchun chet elga noqonuniy chiqishning salbiy oqibatlari bo'yicha nazariy va amaliy yondashuvlar tahliliga asoslangan zarur ko'rsatma va tavsiyalar berilib, aniq misollar asosida tushuntirish ishlari muntazam olib boriladi.

Afsuski, turli fojialardan omon qolishni hech kim va hech narsa kafolatlamaydi. Qozog'istonda ro'y bergan fojia sababli Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi yana bir bor chet ellarda vaqtinchalik mehnat faoliyati bilan shug'ullanish istagida bo'lgan fuqarolarimizni faqat qonuniy yo'llar orqali, mazkur sohadagi mutasaddi vazirlik va idoralar ko'magida xorijga chiqishga chaqiradi.

 

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Axborot xizmati