O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi majburiy mehnatga jalb qilish holatlari bo'yicha ijtimoiy tarmoqlarda avgust oyida tarqalgan xabarlar va boshqa ma'lumotlar yuzasidan tezkor surishtiruv ishlarini olib bordi va aniqlangan vaziyatlar bo'yicha quyidagi chora-tadbirlar ko'rildi:

1. Qashqadaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat huquq inspeksiyasi tomonidan 2018 yil 15 avgustda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahridagi 1-sonli Stomatologiya DUK bosh shifokori A.T.Rahmatovning 4 nafar hamshirani tashkilot hududida majburiy mehnatga jalb qilgani aniqlandi va belgilangan qonun me'yorlarini buzganlik uchun ma'muriy javobgarlik to'g'risida 36-son Bayonnoma tuzilib, A.T.Rahmatov eng kam oylik ish haqining ikki barobari miqdorida ma'muriy jarimaga tortildi.

2. 2018 yil 14 avgust kuni telegram ijtimoiy tarmog'idagi “Sizdan Telegram” kanalida Bog'dod tumanidagi 51-sonli umumiy o'rta ta'lim maktabi o'qituvchilarining majburiy mehnatga jalb etilayotgani haqida xabar e'lon qilingan edi. Vaziyatga zudlik bilan Farg'ona viloyati Bandlik bosh boshqarmasi mas'ul xodimlari oydinlik kiritishdi. Ma'lum bo'lishicha, 51-sonli maktab 2018 yil rekonstruktsiya qilish dasturiga tushgan, biroq qurilishga ajratilgan xarajatlar smetasida oshxona va kutubxona nazarda tutilmagan. Shu bois, maktabning eski binosidan chiqqan yaroqli xom-ashyolar yordamida oshxona va kutubxona binosini qurish tuman Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan olib borilgan.

  

Xususan, eski binodagi yaroqli g'ishtlarni ajratish uchun yordam berishga jamoatchilik asosida ishlovchi ayollar jalb qilinib, ularga ish haqlari to'langan. Qurilish ishlarida maktab o'qituvchilarining qatnashgan-qatnashmaganligini aniqlash uchun 2018 yil 15 avgustda anonim so'rovnoma o'tkazildi va so'rovnomada maktabda ishlovchi 39 nafar xodimdan 32 nafari qatnashdi. So'rovnoma natijasiga ko'ra, qurilish ishlariga o'qituvchilarning jalb qilinmagani ma'lum bo'ldi. Bu ma'lumotni Bog'dod tumani “Bekobod” mahalla fuqarolar yig'ini raisi, 51-sonli maktab direktori, jamoatchilik asosida ishlagan ayollar va o'qituvchilarning o'zlari ham og'zaki va yozma tarzda tasdiqlashdi. Tekshiruv natijalariga binoan, ijtimoiy tarmoqda tarqalgan ma'lumot o'z tasdig'ini topmadi va qonun buzilishi holatlari aniqlanmadi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi O'zbekistonda har qanday shakldagi majburiy mehnatga yo'l qo'yilmasligini eslatib o'tadi.

 

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Axborot xizmati