I. TADQIQOTNING ASOSIY NATIJALARI

2018-yilning 1-yarim yillik yakunlari boʻyicha oʻtkazilgan sotsiologik tadqiqot Respublika aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish ilmiy markazi masʼul xodimlari hamda hududlardagi davlat va nodavlat tashkilotlari, oliy va oʻrta-maxsus taʼlim muassasalari xodimlaridan iborat guruhlar tomonidan amalga oshirildi.

Maqsad va vazifalari. Mazkur sotsiologik tadqiqot band boʻlmagan aholi sonini hisoblash uchun maʼlumotlar bazasini shakllantirish hamda iqtisodiyotning norasmiy sektorida band boʻlganlar sonini aniqlash maqsadida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining 62 ta tuman va shaharlarida “Uy xoʻjaliklarida bandlik masalalarini oʻrganish” soʻrovnomasi (Anketa) asosida oʻtkazildi.

Mazkur oʻrganish asosida mehnat resurslarini baholash, hisobot va prognoz balanslari hamda iqtisodiyotning norasmiy sektorida band boʻlgan fuqarolarning sifat tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar shakllantiriladi.​

Tadqiqot oʻtkazish metodologiyasi. Soʻrov oʻtkaziladigan uy xoʻjaliklarini saralash har bir tuman (shahar) boʻyicha maʼlumotlarning namunaviyligini taʼminlash maqsadida, har bir tuman (shahar)da uy xoʻjaliklarining 0,3 foizdan kam boʻlmagan miqdorini qamrab olish orqali amalga oshirildi. Uy xoʻjaliklarini tanlash ikki bosqichda amalga oshirildi.

Birinchi bosqichda aholi punktlari saralab olindi. Bu jarayon har chorakda bir marta amalga oshirilib, bir yilda jami 4 marta oʻtkaziladi. Aholi punktlarini saralab olish ehtimoli undagi mavjud uy xoʻjaliklaring (yoki aholi) soniga bogʻliq.

Tanlashning ikkinchi bosqichida esa – uy xoʻjaliklarini saralash amalga oshiriladi. Mehnat organlarining hududiy boshqarmalari belgilangan tartibda barcha uy xoʻjaliklari roʻyxatini saralab olingan aholi punktlari boʻyicha elektron tarzda shakllantiradi. Ushbu roʻyxat asosida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi uy xoʻjaliklarini saralashning ikkinchi bosqichini amalga oshiradi hamda kelgusi uch oydagi oʻrganishda foydalaniladigan uy xoʻjaliklari roʻyxatini shakllantiradi.

Yuklab olish (pdf, 1.3 MB)