O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-iyuldagi 3856-son qarori bo‘yicha ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi”ga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tashabbusi bilan “Ground Zero” hamkorligida Sergeli tumanida kovorking markazi tashkil etildi.
2019-yilning 12-mart kuni mazkur kovorking markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muxitdinov, Sergeli tumani hokimi Nozim Husanov, Korzinka.uz tarmog‘i asoschisi Zafar Hoshimov, “Ground Zero” rahbari Hikmat Abdurahmonov, Bookcafe, TOP-Contact asoschisi Laziz Adxamov hamda boshqa mas'ullar va aholi vakillari ishtirok etdi.
Markazning tantanali ochilish marosimidan so‘ng mutasaddilar va muvaffaqiyatli biznes vakillari ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi. Muloqot davomida asosiy e'tibor davlat va xususiy sherikchilik munosabatlari, davlat tomonidan xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish masalalariga qaratildi.
Kelgusida markaz faoliyati orqali aholi bandligi va xususiy biznesni rag‘batlantirish bo‘yicha hamkorlikda qator istiqbolli loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.