Aholini ishga joylashishida ko‘maklashish. 2016 yil yanvar-mart oylarida 193 ta tuman (shahar) Bandlikka ko‘maklashish markazlariga ish so‘rab murojaat etgan 52,3 ming nafar fuqarolarning ishga joylashtirilishiga ko‘maklashildi. 
Vaqtinchalik bir martalik ish bilan ta’minlash markazlari orqali 31,5 ming nafar fuqarolar vaqtinchalik bir martalik ishlarga jalb qilindi. 
Hisobot davrida ish qidirayotgan fuqarolar uchun maqbul keladigan ishni qidirish muddatini qisqartirish maqsadida 312 ta bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etilib, ularda 16,2 mingta ish beruvchilar vakillari va 59,2 ming nafar ish qidirayotgan fuqarolar ishtirok etishdi. Yarmarkalar natijasiga ko‘ra 12,9 ming nafar shaxs ishga yo‘llanma olishdi, 31,7 ming nafar faol ish qidirayotganlarga mehnat, bandlik va ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha maslahatlar berildi.
Mehnat bozorida aholining ijtimoiy muhofaza muhtoj toifalari bandligini taminlash uchun mahalliy hokimliklar bilan birgalikda band qilingan (kvota) ish o‘rinlariga 15,4 ming nafar fuqaro joylashtirildi. Zahira qilingan ish joylariga 598 nafar nogironlar, 7,8 ming nafar ta’lim muassasalari bitiruvchilari, 3,7 ming nafar yolg‘iz ota, onalar hamda 14 yoshgacha va nogiron bolaliklar, 589 nafar yosh bolali ishlamaydigan ayollar, 1,0 ming nafar qamoqdan ozod etilganlar, 636 nafari muddatli harbiy xizmatdan bo‘shatilganlar, 1,1 ming boshqa toifadagilar ishga joylashtirildi.
Ishsizlarning mehnat bozoridagi raqobatga bardoshligini kuchaytirish va ish bilan ta’minlash maqsadida 1,8 ming nafar ishsiz fuqaro tikuvchilik, to‘quvchilik, elektrik, payvandchilik, bo‘yoqchilik, suvoqchilik, kompyuter texnikasi operatori va boshqa shu kabi mehnat bozorida talab qilinayotgan kasblar bo‘yicha o‘qitildi. Bundan tashqari, 252 nafar ishsiz “Usto-shogird” usulida milliy hunarmandchilikning gilam to‘qish, ganchkorlik, teridan, daraxtdan va temirdan badiiy mahsulotlar tayyorlash, milliy qandolatchilik va boshqa turlari kasblar bo‘yicha o‘qitildi va o‘rgatildi. 
Korxonalar bilan hamkorlikda 1,2 ming nafar ishsiz fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etildi. Jamoat ishlari aholi yashash punktlarini obodonlashtirish (0,2 ming), avtomobil-shosse yo‘llari va infratuzilma ob’ektlarini qurilishi va ta’mirlash ishlarida (0,2 ming), boshqa yo‘nalishlar, shu jumladan meliorativ ishlarini amalga oshirish (0,8 ming) yo‘nalish va sohalarida tashkil etildi.
2016 yil yanvar-mart oylarida hududlar va yo‘nalishlar kesimida 
49,2 mingta ish o‘rni tashkil etildi hamda 118,2 ming kishining, jami 167,4 ming kishining bandligi ta’minlandi.
Shu bilan birga, Respublika hududlari bo‘yicha 2016 yilda ish o‘rinlarining salmoqli qismi Farg‘ona (19,9 ming), Samarqand (16,3 ming), Toshkent (15,6 ming), Qashqadaryo (15,0 ming), Andijon (14,5 ming), Namangan (12,8 ming) viloyatlari va Toshkent shahrida (19,5 ming) tashkil etildi hamda aholi bandligi ta’minlandi.
Dasturning yo‘nalishlar (tarmoqlar) bo‘yicha bajarilishi quyidagilar bilan izohlanadi:
Birinchidan, maqsadli kompleks dasturlarga muvofiq yangi ob’ektlarning ishga tushirilishi, ishlab turgan korxonalarni qayta jihozlash va kengaytirish natijasida 49,2 mingta ish o‘rinlari tashkil etildi, shundan 12,9 mingtasi – sanoatda, 11,0 mingtasi – xizmat ko‘rsatish va servis sohasida, 6,2 mingtasi – qishloq xo‘jaligida, 9,7 mingtasi – qurilishda, 5,2 mingtasi – ijtimoiy infrastrukturada va 4,2 mingtasi – ishlamasdan turgan korxonalarni tiklash hisobiga.
Ikkinchidan, kichik korxonalar va mikrofirmalarni jadal rivojlantirish hisobiga 29,5 ming kishining bandligini ta’minladi.
Uchinchidan, yakka tartibdagi tadbirkorlik sohasini kengaytirish natijasida 32,7 ming nafar kishining bandligi ta’minlandi.
To‘rtinchidan, kasanachilikning rivojlantirish hisobiga 25,8 ming nafar band bo‘lmagan fuqarolarni, asosan xotin-qizlarni, nogironlarni va aholining boshqa ijtimoiy zaif qatlamlarini, shuningdek chet eldan qaytgan mehnat migrantlarini ish bilan ta’minlash imkonini berdi. 
Beshinchidan, fermer va dehqon xo‘jaliklarida oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishning yo‘lga qo‘yilishi natijasida
30,1 ming kishi ish bilan ta’minlandi. 
Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l tumanida 825 ta, Andijon viloyatining Paxtaobod tumanida 818 ta, Buxoro viloyatining Romitan tumanida 1226 ta, Jizzax viloyatining Forish tumanida 504 ta, Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida 1308 ta, Navoiy viloyatining Navbahor tumanida 774 ta, Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida 895 ta, Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida 1377 ta, Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida 1048 ta, Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida 1058 ta, Toshkent viloyatining Chinoz tumanida 739 ta, Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanida 855 ta, Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir tumanida 1543 ta ish o‘rni tashkil etilgan.