2017 yil 19 iyul kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida “Davlat xizmati to'g'risida”gi Qonun loyihasi kontseptsiyasi muhokamasiga bag'ishlangan davra suhbati bo'lib o'tdi. Qonun loyihasini ishlab chiquvchi asosiy organ sifatida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, O'zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi mas'ul rahbarlari hamda O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimiz Prezidenti Sh.M.Mirziyoev tomonidan qonun loyihalari ishlab chiqilayotganda bevosita ta'sir me'yorlariga alohida e'tibor qaratish zarurligi bir necha marotaba qayd etilgan. “Davlat xizmati to'g'risida”gi Qonun loyihasi 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi ijrosi doirasi ishlab chiqildi.

Jahon tajribasi va MDH mamlakatlari, Singapur, Yaponiya, Koreya, Yevropa tajribasi shuni ko'rsatmoqdaki, yaxlitligicha davlat apparatining asosiy printsiplari, shakllanish va faoliyat yuritish mexanizmlari yanada yaqqolroq aks etgan “Davlat xizmati to'g'risida”gi Qonun davlat boshqaruvining asosiy hujjatlaridan biri sanaladi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri A.Abduhakimov o'z taqdimotida qonun loyihasi xorijning ilg'or tajribasi inobatga olinib tayyorlanayotgani, shu bilan birga, unga bir qator qo'shimchalar aks ettirilishi rejalashtirilayotganini ta'kidladi. Qayd etish lozimki, ishlab chiqilayotgan Qonunda meritokratiya tushunchasi – ijtimoiy kelib chiqishi va moliyaviy darajasidan qat'i nazar eng qobiliyatli kishilarning rahbarlik lavozimlarini egallashlariga asoslangan boshqarish printsipi joriy etiladi.

Qonun loyihasi davlat xizmatchilarining huquqiy maqomi, tashkilotning asosiy printsiplari va davlat xizmati tizimining faoliyatini tartibga solish, davlat xizmatchilari kadrlari tarkibini shakllantirish, tanlov asosida yollash, o'tkazish, faoliyatni baholash, xizmatdan bo'shatish masalalari, davlat xizmatchilarining ijtimoiy va pensiya ta'minotini hisobga olgan holda, halol va fidokorona xizmatni moddiy va nomoddiy shaklda rag'batlantirish mexanizmlari, shuningdek, xizmat etikasi va korruptsiyaga qarshi kurash masalalarini ham tartibga solishni ko'zda tutadi.

Mazkur qonun loyihasini ishlab chiqishning dolzarbligi u 11 ta vazirlik, 7 ta davlat qo'mitasi, 6 ta agentlik, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi 3 ta qo'mita, 6 ta Markaz, 7 ta davlat inspektsiyasi, shuningdek, joylardagi davlat hokimiyati organlari xizmatchilariga bevosita daxldorligi bilan e'tirofga sazovordir.

Uchrashuvda ishtirok etgan ekspertlarning ta'kidlashicha, qonun kontseptsiyasi mohiyati va mazmuni mamlakatni istiqbolda rivojlantirish yo'lida turgan dolzarb masalalarga javob beradi hamda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatini yanada takomillashtirishga sezilarli hissa qo'shishi mumkin. Amalga oshirilayotgan o'zgarishlar asnosida mazkur qonun qabul qilinadigan bo'lsa, u davlat va jamiyat munosabatlaridagi tuzilmaviy o'zgarishlar katalizatoriga aylanishi mumkin.

Davra suhbati ishida ishtirokchilar tomonidan qonun loyihasida davlat xizmatchilari faoliyatining natijasini ular tomonidan ko'rsatilayotgan davlat xizmati bilan bog'lovchi samaradorlikning asosiy ko'rsatkichlarini (KPI) o'zida aks ettiruvchi mezonni kiritish zarurligi qayd etildi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 6 maydagi PQ-2960-son qarori ijrosi doirasida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan ishga joylashtirish, ishsiz fuqarolarni kasbga qayta o'qitish va ularni jamoat ishlariga jalb etish bo'yicha vazirlik bo'linmalari faoliyatini baholashda KPI elementlari tatbiq etildi.

Davra suhbati davomida kun tartibida belgilangan barcha masalalar bo'yicha konstruktiv muloqot bo'lib o'tdi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Axborot xizmati